Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan IMGR xalqaro operator kompaniyasi bilan hamkorlikda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun eksport akseleratori dasturi amalga oshirilmoqda.
Birinchi bosqichda ochiq tanlov asosida tashkil etilgan so‘rovnomada 500 dan ortiq tadbirkorlar ishtirok etib, ulardan 100 ta salohiyatli ishlab chiqaruvchi korxonalar tanlab olindi. 2025-yilda Eksport akselerator dasturi ishtirokchilari tomonidan 100 million dollardan ortiq eksport hajmlarini ta’minlash belgilandi.
Dastur doirasida meva-sabzavot, oziq-ovqat, toʻqimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, elektrotexnika, farmatsevtika kabi drayver sohalarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan va yangi bozorlarga chiqish salohiyatiga ega bo‘lgan korxonalar saralab olindi.
Akselerator ishtirokchilariga eksportni rivojlantiruvchi zamonaviy va amaliy vositalar to'g'risida ma'lumot taqdim etish, xalqaro darajadagi mutaxassislar tomonidan maslahatlar berish orqali eksport strategiyasini ishlab chiqish hamda Yevropa, MDH va Yaqin Sharq davlatlari kabi istiqbolli bozorlarga eksportni yo‘lga qo’yish bo‘yicha barcha jarayonlarda ko‘mak beriladi.
“Ishtirokchilarning tashqi bozorlarga chiqish imkoniyati va ularning raqobatbardoshligini oshirish uchun maqsadli bozorlarda eksport bilan shug’ullanayotgan mutaxassislar bilan birgalikda xorijiy bozordagi raqobat muhitini oʻrganish asosida taqdimot va tijorat takliflari tayyorlanmoqda” - dedi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Xurram Fatixovich Teshabayev.
Dastur ishtirokchilarining eksportga yo‘naltiriladigan mahsulotlari quyidagilar:
1. oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar;
2. meva-sabzavot mahsulotlari;
3. qadoqlash materiallari;
4. tibbiyot va gigiyena tovarlari;
5. sanoat mahsulotlari va uskunalar;
6. o'yinchoqlar;
7. to‘qimachilik mahsulotlari;
8. parfyumeriya va kosmetika mahsulotlari;
9. charm-sanoat mahsulotlari;
10. qurilish materiallari
Akselerator dasturi - bu ishtirokchilar eksport yo’lining boshlanishidir. Oʻzbekiston nafaqat jahon bozorida mustahkam oʻrin egallashga, balki “Made in Uzbekistan” brendi ostidagi mahsulotlari yuqori sifat va tabiiyligi bilan boshqalardan ajralib turishiga intilmoqda.
“Korxonamiz ko'p yillardan beri mahsulotni Markaziy Osiyo, Rossiya va MDH mamlakatlariga eksport qilib kelmoqda, yaqinda Bolgariya hamda Ruminiyaga ham eksport qilishni boshladik. Boshqa mamlakatlarda mijozlar topilganidan so'ng, kompaniyalarimiz ularga oʻz mahsulotlarini toʻgʻri taqdim etishni bilishlari kerak, aynan shu masalada akselerator dasturi yordam bera oladi”, - dedi “Toy Bola” korxonasi asoschisi Anvar Abduqayum.
Dasturning birinchi bosqichidayoq ishtirokchilar xorijiy hamkorlar bilan qiymati 5 milliondan dollardan ortiq eksportni amalga oshirish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar olib bordilar.
Eksport akseleratori dasturi nafaqat iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantiradi, balki Oʻzbekistonning taraqqiyot va hamkorlik uchun ochiq mamlakat sifatidagi xalqaro maydondagi mavqeini ham mustahkamlaydi.